Barcha matnlar
Matnni tanlang va o‘qib tushunish darajangizni tekshirib ko‘ring.
Oyog'i osmonda bo'lgan sichqonlar
Bir vaqtlar Levon ismli qariya yashagan ekan. U 87 yoshda edi. U butun umri davomida vazmin va xotirjam inson bo‘lgan. U juda kambag‘al va juda ham baxtli edi. Levon uyida sichqonlarni payqagan vaqtida, dastlab bu holat uni tashvishga solmadi. Ammo sichqonlar tobora ko‘payib bordi. Ular uni bezovta qila boshladilar. Nihoyat, hatto Levon ham ortiq bardosh bera olmaydigan vaqt keldi. “Bunisi endi ortiqcha – dedi u. – Bunga chidab boʻlmayapti”. Chol uyidan chiqib, oqsoqlanib do‘kon tomon yo‘l oldi. U sichqonlarni tutish uchun u yerda bir necha qopqon, yelim va pishloq bo‘lagini sotib oldi. Levon uyiga qaytgach, qopqonning asosini yelimlab, shiftga joylashtirdi. Keyin u, qopqonlarga pishloq bo‘lakchalarini mahkamlab, tayyor holatga keltirdi. Tunda sichqonlar inlaridan chiqib, shiftdagi qopqonni ko‘rganda, bu hazil deb o‘yladilar. Polda sayr qilib yurgan sichqonlar bir-birlarini turtib, qo‘llari bilan shiftni ko‘rsatib, kulgudan yorila boshladi. Axir, qopqonni shiftga joylashtirish ahmoqlik-ku! Ertasi kuni tongda Levon xonaga kirganida tuzoqqa bironta sichqon tushmaganini ko‘rdi, u jilmaydi, lekin hech narsa demadi. U stulni olib, oyoqlarining asoslarini tagiga yelim surtdi va qopqonlar yoniga teskari qilib yopishtirib qo‘ydi. U stol, televizor va chiroq bilan ham xuddi shunday qildi. Levon polda turgan barcha narsalarni, teskari qilib, shiftga yopishtirdi. Hattoki, gilamchani ham u yerga yelimlab yopishtirdi. Kelasi tunda sichqonlar o‘zlarining inlaridan chiqishganida, ular o‘tgan tunda ko‘rgan narsalari yuzasidan hazillashishni davom etib kulishar edi. Lekin bu safar ular shiftga qaraganlarida, to‘satdan kulishdan to‘xtadilar. - Xudoyim! – qichqirdi sichqonlardan biri. - Tepaga qaranglar! Axir pol u yerda-ku! - Ey xudo! - faryod qildi yana biri. - Biz shiftda turibmiz, shekilli! - Meni boshim aylana boshladi! – chiyilladi uchinchisi. - Mening qonim boshimga quyildi! –yig‘lab yubordi to‘rtinchisi. - Bu dahshat! – dedi uzun mo‘ylovli sichqonlarning kattasi. - Bu haqiqatdan ham dahshatli! Zudlik bilan nimadir qilishimiz kerak! - Agar men boshimda shunday turishda davom etsam hushimdan ketaman! - deb qichqirdi eng kichigi. - Men ham! - Men bunga ortiq chiday olmayman! - Bizni qutqaring! Nimadir qilinglar tezroq, biror nima qilinglar! Sichqonlar jazavaga tusha boshladi. “Men nima qilishimiz kerakligini bilaman – dedi sichqonlarning kattasi - Biz boshimiz bilan turib olamiz, o‘shanda hammasi yaxshi bo‘ladi”. Sichqonlar gapga quloq solib boshi bilan turib oldilar, bir qancha vaqtdan so‘ng, boshiga qon quyilishi sababli sichqonlar birin-ketin hushidan keta boshladilar. Levon ertalab xonaga kirgan paytida yerda sochilib yotgan sichqonlarga ko‘zi tushdi. U darhol barcha sichqonlarni yig‘ib, savatchaga soldi. Shunday qilib, esda tutish lozim: qachon-ki olam sizga teskari bo‘lib ko‘rinsa, siz yerda turganligingizga ishonch hosil qiling.
Aqlli Gretel
Bir savdogarning Gretel ismli oshpazi bor edi. U epchil, quvnoq, ertalabdan kechgacha qo'shiq kuylashni va baland poshnali oyoq kiyim kiyib yurishni yoqtirardi. Ko'zgu oldida o'ng tomonga yoki chap tomonga burilib, o'z-o'ziga "Faqatgina men chiroyli qizman" derdi. Quvonganidan bir ho'plam sharbatni ichib ishga kirishar edi. Shunda uning qo'l - qo'liga tegmas, sho'rvasi har doim shirin, qovurdog'i esa undanda shirinroq bo'lar edi. Bir kuni xo'jayini " Gretel, choyxonachi Mixel menikiga mehmonga keladi. Ikkita tovuqni qovur, iltimos, bir tovuq unga kamlik qiladi" - dedi. - Yaxshi, dedi xo'jayin va mehmonni olib kelishga ketdi. Gretel esa deraza oldiga o'tirib, ozgina dam olish uchun bir stakan sharbat ichdi. Shu vaqt yo'ldan bir kambag'al ayol to'rtta bolasi bilan o'tib ketayotgan edi. Bolalar qovurilgan tovuq hidini sezishdi va yig'lay boshlashdi. - Oyijon, oyi biz och qoldik!.. Gretel nima uchun qorni to'qlarni ovqatlantirishim kerak, ochlarni hech narsasiz yuboraymi, uydan haydaymi? – dedida. " Ey, yaxshi ayol, bu yoqqa kel" , deb ayolni chaqirdi va har bir bolaga tovuq qanotidan uzib, derazadan uzatdi. Och bolalar esa yanada ko'proq yeyishni xohlab "Biz yana xohlaymiz! Biz yana xohlaymiz - deb qichqirishdi. " Ey Gretel quvnoqroq bo'l! Agar daryoni o'rtasigacha suzgan bo'lsang, oxirigacha suzib borish kerak", - dedi qiz o'ziga o'zi. U qovurilgan tovuqlarning oyoqlarini kesib, kichkintoylarni to'ygunicha ovqatlantirdi. " Qani, Gretel ishni oxirigacha olib borish kerak?" - dedi u yana o'z-o'ziga. U qolgan tovuqlarni o'rab, ayolga berdi, yana xaltasiga non ham soldi va o'zining sandig'idan ikki kumush tanga olib berdi. Onasi va bolalari unga egilib-egilib ta'zim qilib, yo'llarida davom etishdi. O'ylaymanki, men xayrli ish qildim va uni nishonlash gunoh emas, - dedi o'ziga o'zi Gretel. Menda yana botirlik paydo bo'lishi uchun, yana bir qultum sharbat ichaman". U shunday qildi ham. Bir qadah sharbat ichdi va ochiq deraza oldiga o'tirdi. Shu vaqtda xo'jayin qaytib keldi. - Gretel, tovuqlar tayyormi? Tez orada bizning mehmonimiz keladi. -Tayyor, xo'jayin hammasini keragicha qildim. - Javob berdi Gretel. Faqat sizga ma'lum qilamanki, tovuqlarni kesadigan pichog'imiz o'tmas bo'lib qoldi. Uni o'tkirlash kerak. -Sen rostan aytyapsanmi, Gretel, - dedi xo'jayin. Men uni hozir o'tkirlayman. Xo'jayin pichoqni oldi va o'tkirlay boshladi. Pichoq bilan egov o'rtasidagi g'ij-g'ij degan ovoz butun ko'chaga taralar edi. Xo'jayin pichoqni o'tkirlayotib choyxonachi Mixel eshik qoqayotganini ham sezmay qoldi. Epchil Gretel bir sakrab mehmonga peshvoz chiqdi va sekin shivirladi: "O janob Mixel, mening xo'jayinim dahshatli ish o'ylab topdi. U sizni kechki ovqatga taklif qildi, ammo uning niyati yomon. U sizning quloqlaringizni kesib olmoqchi. Eshityapsizmi, u pichoqni qanday o'tkirlayapti? Buni eshitmaslik mumkin emas. G'ij-g'ij degan ovoz butun atrofga eshitilyapti. Mehmon qo'rqib ketdi va oyog'ini qo'liga olib uyga chopdi. Aqlli Gretel esa xo'jayiniga borib shunday dedi: Voh-voh! Siz qanday mehmonni taklif qildingiz! Hayotimda bunaqasini ko'rmaganman. -Nima bo'ldi tezroq gapir!- qichqirdi xo'jayin. -Men endigina tovuqlarni laganga solib , ustiga yog' quyib stolga olib bormoqchi bo'lib turgan edim, janob Mixel lagandan tovuqlarni olib, qochib ketdi. Uyatsiz, sizga qanotlarini ham qoldirmadi- dedi Gretel. Xo'jayin qo'lida o'tkirlayotgan pichog'i bilan ayvongacha sakrab chiqdi va Mixelni ushlab olish uchun ko'chaga yugurib ketdi. Lekin bu paytda ancha kech tushib, qorong'ulik quyuqlashgan edi. Faqatgina oy yorug'ida yarqiragan pichoq ko'rinardi. -Menga hech bo'lmasa bittasini ber! Hech bo'lmasa bittasini ber deb aytdi xo'jayin. Xo'jayin Mixeldan hech bo'lmasa tovuqning bitta qanotini berishini so'rar, Mixel esa xo'jayin undan hech bo'lmasa bir qulog'ingni ber deyapti deb tushunayotgandi. Mixel quloqlarini qutqarish uchun uyga kirib eshikni ustidan qulfladi. Aqlli Gretel esa shu vaqtda yerto'laga tushib quvonchidan yana bir qadah sharbat ichdi. " Savobli ish qilish va uni nishonlash gunoh emas" - dedi o'ziga o'zi. Shundan buyon xo'jayin bilan semiz Mixel har uchrashganda salomlashmasdan bir- birlariga xuddi urushqoq mushuklardek hurpayadigan bo'ldilar.
